Hozirgi kunda respublika ta’lim tizimini mustahkamlash, uni zamon talablari bilan uyg‘unlashtirishga katta ahamiyat berilmoqda. Bunda mutaxassis kadrlarni tayyorlash, ta’lim va bilim berish tizimi, islohatlar talablari bilan chambarchas bog‘langan bo‘lishi muhimdir.
Zamon talablariga javob bera oladigan mutaxassis kadrlarni tayyorlash, Davlat ta’lim standartlari asosida ta’lim va uning barcha tarkibiy tuzilmalarini takomillashtirib borish oldimizda turgan dolzarb masalalardan biridir.
Fanlar bo‘yicha bilimlar majmuasini o‘zlashtirish, nazariy va amaliy mashg‘ulotlar uzviyligida malaka hamda ko‘nikmalarni mukammal shakllantirishda malakaviy amaliyotning o‘rni beqiyos.
Ma’lumki, malakaviy amaliyot talabalarda maxsus fanlardan olgan bilimlarni amaliyotga tadbiq etish va ularning pedagogik malaka va ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida tashkil etiladi. Amaliyot davrida talabalar nafaqat o‘zining nazariy bilimlarini mustahkamlaydi, balki zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash, interfaol metodlardan foydalanish, o‘quv jarayonini boshqarish bo‘yicha mahoratli pedagoglarning ilg‘or tajribalarini ham o‘rganadilar. Ta’lim, fan va ishlab chiqarishni samarali integratsiyalash mexanizmlarining mazmuni va uslublarini talabalarda shakllantirish maqsadida o‘qitishni ilmiy-tadqiqot bilan qo‘shib olib borish, fanlar bo‘yicha bilimlar majmuasini o‘zlashtirish, nazariya va amaliyotning uyg‘un birligini ta’minlash jarayonida ham malakaviy amaliyotning muhim o‘rni bor.
Amaldagi o‘quv rejaga muvofiq institutning Kasb ta’limi: buxgalteriya hisobi va audit yo‘nalishining 3 kurs, KTB-115 guruh talabalari joriy yilning 1 martidan 28 martigacha Samarqand bank kollejining “Buxgalteriya hisobi va iqtisodiy tahlil” kafedrasida malakaviy amaliyotlarini o‘tashdi.
Malakaviy amaliyotning sifati va samaradorligini oshirish maqsadida institutning “Kasb ta’limi” kafedrasi professor-o‘qituvchilari malakaviy amaliyot hisobotlari himoyasini joriy yilning 4 mayida Samarqand bank kollejida o‘tkazdi. Amaliyot hisoboti himoyasida institutning “Kasb ta’limi” kafedrasi mudiri O.Suyunov, kafedra o‘qituvchilaridan dotsent L.N.Xalikova, dotsent v.b. N.Kamilova, katta o‘qituvchilar A.Q.To‘xtamishov, D.Norboyeva, A.Shonazarov, assitent-o‘qituvchilar: U.Xolboyev, B.Iskandarov, I.Nasimov, O‘.Zubaydullayev va Samarqand bank kollejining “Buxgalteriya hisobi va iqtisodiy tahlil” kafedrasi o‘qituvchilari ishtirok etishdi.
Amaliyot hisoboti himoyasi yakunida tomonlar kelgusida talabalarning malakaviy amaliyotini yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘zlarining taklif va mulohazalarini bildirishdi.
Malakaviy amaliyot natijasida talabalar ilk bor o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalaridagi o‘quv jarayoni bilan tanishdilar, jumladan kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda o‘quv jarayonini tashkil qilish, ilg‘or pedagogik va zamonaviy axborot texnologiyalari hamda o‘qitish metodlaridan o‘z o‘rnida foydalanish bo‘yicha tajriabalarni o‘rgandilar.
Bundan tashqari, talabalar malakaviy amaliyot davrida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida tarbiyaviy ishlarni tashkil qilishning o‘ziga xos xususiyatlarini va ularni boshqarish usullarini ham o‘rgandilar.
Tadbir davomida kafedra professor-o‘qituvchilari Samarqand bank kollejining moddiy-texnik bazasi bilan tanishishdi, talabalarning amaliyotni samarali o‘tashlari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘rishdi va kollej o‘qituvchilarining darslarida qatnashib, darslarning sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashishdi.
A.Q.To‘xtamishov – “Kasb ta’limi” kafedrasi
katta o‘qituvchisi