SamISI Samarqand iqtisodiyot va servis instituti

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti yoshlar bandligini ta’minlash, ularni zamonaviy kasb-hunarga yo‘naltirish va tadbirkorlikka keng jalb etish borasidagi ustuvor vazifalarni yana bir bor aniq belgilab berdi.

Mazkur uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslar, xususan, yoshlarni ish izlovchidan ish beruvchiga aylantirish, startap va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim bilan ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish masalalari oliy ta’lim muassasalari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi.

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori sifatida ta’kidlamoqchimanki, bugungi demografik o‘sish va mehnat bozoridagi raqobat sharoitida har bir talabani nafaqat nazariy bilim, balki amaliy ko‘nikma va aniq kasbiy kompetensiyalar bilan ta’minlash ustuvor vazifamizdir. Shu maqsadda institutimizda dual ta’lim elementlarini kengaytirish, ish beruvchilar bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda talabalarni amaliyotga yo‘naltirilgan loyihalarga jalb etish ishlari izchil davom ettiriladi.

“Kelajak tadbirkori” va “Mening birinchi kasbim” dasturlari doirasida belgilangan vazifalar oliy ta’lim tizimi uchun muhim yo‘nalishdir. Xususan, bitiruvchilarni stajirovka asosida ishga tayyorlash, ularni dastlabki mehnat faoliyatida qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini samarali yo‘lga qo‘yish ta’lim sifati va bandlik ko‘rsatkichlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Institutimizda startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning biznes g‘oyalarini ekspertiza qilish va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha aniq tizimli choralar ko‘riladi. Oliy ta’lim muassasasi sifatida biz faqat diplom beruvchi emas, balki hududiy iqtisodiyot uchun malakali kadrlar va yangi tashabbuslar manbai bo‘lishimiz zarur.

Yoshlarning jismoniy faolligi va sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash ham muhim yo‘nalishlardan biridir. Talabalar o‘rtasida sport musobaqalari, intellektual o‘yinlar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tizimli tashkil etish orqali ularning har tomonlama rivojlanishiga sharoit yaratish davom ettiriladi.

Ko‘ksaroydagi muloqotda belgilangan vazifalar — aniq yo‘l xaritasi va amaliy dasturdir. Samarqand iqtisodiyot va servis instituti jamoasi ushbu topshiriqlarni sifatli amalga oshirish, bitiruvchilar bandligini oshirish hamda yoshlarning intellektual va iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish yo‘lida izchil ish olib boradi.

Muhiddin Po‘latov,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori