Yangi yil tabrigi!



Aziz yurtdoshlar!
Qadrli institutimiz jamoasi va talabalar! Barchangizga yaqinlashib kelayotgan yangi 2025-yil muborak boʻlsin!
Yangi yilda yangi marralar, yangi maqsadlarga erishish nasib etsin. Baxt, sogʻlik, omad sizni hech qachon tark etmasin!
Tobora yakunlanib borayotgan 2024-yilni sarhisob qilar ekanmiz, ushbu yil biz uchun juda omadli, barakali hamda yaxshi yangiliklarga boy boʻlganini koʻrishimiz mumkin. Xususan, joriy yilda institutimizda 45 nafardan ortiq professor-oʻqituvchilarimiz yangi ilmiy unvon va ilmiy darajalarga ega boʻlishdi, 15 nafardan ziyod sportchi talabalarimiz Respublika hamda jahon arenalarida zafarlar quchishdi, 20 dan ziyod xalqaro hamkorlik uchrashuvlari tashkil etilib, memorandumlar imzolandi.
Albatta, bu kamtarin raqamlar 2025-yilda yanada oshishiga ishonamiz. Zero, Yangi yil - yangi maqsadlar sari ilk qadam demakdir. Bu bayramda yangi rejalar tuziladi, yangi orzular ketidan yangi maqsadlar paydo boʻladi. Inson shaxsiyatida oʻzgacha kuch va motivatsiya seza boshlaydi.
Bularni barchasiga sabab nima deb oʻylaysiz?
Menimcha, Yangi yil bayramona kayfiyati, yon atrofimizning bayramona bezatilgani hamda oila aʼzolarining bir joyga jam boʻlishi asosiy sabablardan biridir. Shuning uchun ham bu bayram oʻzgacha.
Yoshligimizdagi Yangi yil bayramlari ham esimda. Qishda qor ustida oʻynab, ota-onamizdan sovgʻalar kutar edik. Bayram arafasida tashrif buyurgan insonlar yuzida esa oʻzgacha mehr va tabassumni koʻrardik. Demak, hozirgi kayfiyatimiz yoshlikdan shakllangan xotiralar natijasidir.
Umuman olganda, Yangi yil – bu nafaqat yangi sanani kutib olish, balki hayotdagi ijobiy o‘zgarishlarga tayyor turishdir. Yangi yil – bu yangilanish, umid va yangi maqsadlar sari yo‘l olish davridir.
Aziz yurtdoshlar!
Har bir yangi yil — bu yangi umidlar, yangi imkoniyatlar va yangi maqsadlar yili. O‘tgan yil davomida erishgan yutuqlarimiz va muvaffaqiyatlarimizni qadrlab, kelajakdagi rejalarimizni yanada mustahkamlashga intilaylik.
Yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami barchangizga muborak boʻlsin! Baxt, sog‘lik va muvaffaqiyat sizlarni hech qachon tark etmasin! Yangi yilda yangi marralar, yangi maqsadlarga erishish nasib etsin!
Hurmat va ehtirom ila Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori Po‘latov Muhiddin Egamberdiyevich
