Samarqandda "Vazir va yoshlar" uchrashuvi: SamISI talabasining tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi



Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Samarqand viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari yoshlari bilan uchrashuvda bo‘ldi. Bu uchrashuv nafaqat fikr almashuv, balki yangi g‘oya va loyihalar uchun imkoniyatlar maydoni sifatida xizmat qildi.
Vazir yoshlarning ishga joylashish, innovatsion loyihalari va rivojlangan mamlakatlar zamonaviy texnologiyalarini yurtimizda ham joriy qilish, ta’lim jarayoniga yo‘naltirish borasidagi takliflarini eshitdi.
Xususan, Samarqand iqtisodiyot va servis institutining faol va iqtidorli talabalari tomonidan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tayyorlash maqsadida talaba-qizlar o‘rtasida "To‘maris izdoshlari" va yigitlar o‘rtasida "Temurbeklar" loyihasini tashkil etish, shu bilan birga turdosh yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalari iqtidorli talabalari o‘rtasida bilim va tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish maqsadida “Yozgi lager” loyihasini amalga oshirish singari qator takliflar ilgari surildi.
Vazir tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ushbu loyihalar tajriba sifatida birinchi marta Samarqandda amalga oshirilishi belgilandi. Bu esa SamISI yoshlarining faol ishtirokiga, ijodkorlik va tadbirkorlik ruhini oshirishga xizmat qildi.
