SamISI Самаркандский институт экономики и сервиса

Jamiyat hayotida oʼqituvchining oʼrni va taʼsiri oshsa – maktabning obroʼyi oshadi, ilm-fan, taʼlim va tarbiya sohasining qadri koʼtariladi. Muallimning obroʼ-eʼtibori esa bu millatning, butun xalqning obroʼ-eʼtiboridir.

Sh.M.Mirziyoev


Аssalomu alaykum qadrli ustoz va murabbiylar!

Hurmatli institutimiz professor-oʼqituvchilari!

Bizga saboq bergan, hayot soʼqmoqlaridan odimlab borishimizda ustozlik qilgan va bu vazifani ayni paytda ham sharaf bilan bajarib kelayotgan insonlarni “1 - oktabr Oʼqituvchi va murabbiylar kuni” kasb bayramlari bilan samimiy tabriklashga ijozat bergaysizlar. Bu bayram, avvalo, oʼzining bilim va tajribasi, isteʼdod va mahorati, insoniy fazilatlarini, butun borligʼini ayamasdan, maʼrifat yoʼlida beminnat xizmat qiladigan ustoz va murabbiylarimizga nisbatan xalqimizning azaliy hurmat - ehtiromining yaqqol namunasidir. Xalqimizning ustoz otangdek ulugʼ, degan hikmat naqlida ham oʼqituvchi va murabbiylarga boʼlgan samimiy ehtirom namoyon. Аlbatta, har birimiz istalgan sohada mehnat qilmaylik, ustoz va murabbiylarga ehtiyoj sezamiz.

Ustoz deganda, har qaysi inson koʼnglida chuqur hurmat - ehtirom va cheksiz minnatdorlik tuygʼulari, shu bilan birga, hech qanday boylik bilan oʼlchab va ado qilib boʼlmaydigan qarzdorlik hissi paydo boʼladi. Inson, avvalo, unga bilim va maʼrifat dunyosi sari yoʼl ochib bergan, uning qalbiga yuksak insoniy fazilatlar hissini singdirish yoʼlida zahmat chekkan ustoz va murabbiylarga nisbatan koʼnglida hamisha minnatdorlik tuygʼusi bilan yashaydi. 

Xalqimiz ustozlarni eʼzozlab: “Ustozning umri - mangu, chunki shogirdlar umri unga ulanadi”, - deydi. Shu tobda koʼz oʼngimizda qoʼlimizga qalam tutqazib, endigina ilm olamiga yetaklagan birinchi ustoz-muallim, qiynalib turganimizda masalaning tugunini yechishga yordam qilgan, birgina shu amali bilan umr boʼyi yodimizda qolgan kishi gavdalanadi. Qalbimizda unutilmas iz qoldirgan qadrdon maktabimiz va uning bagʼrida kechgan begʼubor yillarimizni, bizga bilim bergan, insoniylik fazilatlarini oʼrgatgan mehribon oʼqituvchi va murabbiylarimizni katta hurmat va ehtirom bilan eslaymiz.

 Samarqand iqtisodiyot va servis institutida ham azaliy urf-odatlarga sodiq qolgan holda ustoz-shogird anʼanasi doimo qadrlab kelinadi. Bugungi kunda institutda 300 ga yaqin professor-oʼqituvchilarimiz minglab shogirdlariga nafaqat iqtisodiy, balki hayotiy saboqlarni berib kelmoqdalar. Yildan-yilga institutimizda ilmiy salohiyatga ega kadrlarimiz soni ham ortib bormoqda. Turli fan olimpiadalarida talabalarimiz yuqori natijalarni koʼrsatib kelishmoqda. Talabalarimiz orasida davlat stipendiyalari sohiblari ham koʼpayib bormoqda. Bularning zamirida esa, albatta, zaxmatkash professor-oʼqituvchilarimizning mashaqqatli mehnatlari yotadi.

Аziz ustozlar oʼz mehnatingiz, salomatligingizni ayamay talaba-yoshlarimizga berib kelayotgan taʼlim-tarbiyangiz uchun bugun sizlarga butun Samarqand iqtisodiyot va servis instituti jamoasi, koʼp sonli talaba-yoshlari nomidan yuksak ehtiromimizni izhor etmoqchiman. 

Muhtaram ustozlar!

Hozirda mamlakatimizda millati, tili, dinidan qatʼi nazar, har bir inson oʼz qobiliyati va isteʼdodini, bilim va tajribasini roʼyobga chiqara oladigan ijtimoiy davlatda yashamoqdamiz. Bunda barchamiz kuch va imkoniyatlarimizni yoshlarimizning intellektual va jismoniy kamoloti, ularning sifatli taʼlim olib, hayotda munosib oʼrin egallashlari uchun safarbar etishimiz lozim.

Bu yil yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ilk bor oʼqituvchi maqomi alohida belgilanib, taʼlim tizimini rivojlantirish davlatning bosh vazifalari qatoriga kiritildi. Bundan tashqari taraqqiyotimiz dasturi boʼlmish “Oʼzbekiston – 2030” strategiyasida sizlar bilan birga taʼlim tizimini yanada rivojlantirish boʼyicha yangi maqsad va rejalarni belgilab berilgan. 

Аna shu ustuvor vazifalarni amalga oshirish, Yangi Oʼzbekistonning taqdiri va kelajagi uchun masʼuliyatni zimmasiga olishga qodir yangi avlodni tarbiyalash barchamizdan katta kuch-gʼayrat, azmu shijoat bilan mehnat qilishni talab etadi.

Ming - minglab murgʼak qalblarga ezgulik yogʼdusini sochadigan, oʼz oʼquvchilariga hayot maktabini beradigan moʼtabar zot - oʼqituvchi va murabbiylarimizga bugungi kasb bayramingiz muborak boʼlsin, deymiz! Doimo ilm yoʼlida izlanishdan hormang! Yosh avlodlarga ziyo nurini taratishdan aslo charchamang!

SamISI logo

Самаркандский институт экономики и сервиса

Manzil belgisi г. Самарканд, ул. А. Темура, 9

Telefon belgisi Телефон доверия: +998 (66) 231-12-53, +998 (66) 231-03-93

Email belgisi Email: sies_info@edu.uz, samisi@exat.uz

Ogohlantirish При полном или частичном использовании материалов сайта обязательна ссылка на данный источник

Copyright belgisi Самаркандский институт экономики и сервиса. Все права защищены