SAMARQAND IQTISODIYOT VA SERVIS INSTITUTI REKTORINING MUROJAATI

2026-06-11 19
Share: Telegram Telegram Facebook Facebook
SAMARQAND IQTISODIYOT VA SERVIS INSTITUTI REKTORINING MUROJAATI

Aziz talabalar, hurmatli ota-onalar va muhtaram ustozlar!

Bugungi tez o‘zgaruvchan zamonda yoshlar ongiga ta’sir qiluvchi tahdidlar, ayniqsa, giyohvandlik va narkojinoyat kabi illatlar jamiyat taraqqiyoti, oilalar farovonligi va kelajak avlod taqdiri uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

Shu bois, Samarqand iqtisodiyot va servis institutida yoshlarda hushyorlik, ogohlik, ma’naviy immunitet va mustahkam fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish doimo ustuvor vazifa bo‘lib kelmoqda.

Qadrli talabalar!
Siz institutimiz faxri, yurtimizning ertangi kuni, kelajak iqtisodiy taraqqiyotining kurashuvchan va bilimdon bunyodkorlarisiz. Hech qachon “bir marta sinab ko‘rsam mayli” degan aldovlarga uchmang. Giyohvand moddalarning vaqtinchalik “zavq” emas, balki butun hayotni izdan chiqaruvchi zahar ekanini unutmang. Sog‘lom fikr, mustahkam iroda va bilimga chanqoqlik sizni har qanday illatdan himoya qiladi.

Hurmatli ota-onalar!
Farzandlarimiz taqdiri barchamiz uchun eng ulug‘ mas’uliyatdir. Ularga mehr ko‘rsatish, kunlik holidan boxabar bo‘lish, fikrlari va muammolarini tinglash giyohvandlik balosidan asrashning eng kuchli qalqonidir. Ularning qalbida ishonch, ma’naviyat va mustahkam hayotiy pozitsiya bo‘lsa, ular hech qachon adashmaydilar.

Muhtaram ustozlar va murabbiylar!

Yosh avlodni barkamol shaxs sifatida tarbiyalash sizlarning fidokorona mehnatingiz bilan bog‘liq. Har bir dars, har bir suhbat, har bir maslahat yoshlar ongida sog‘lom turmush tarzi, mas’uliyat va vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirishi lozim. Bizning shogirdlarimiz ertangi yetuk mutaxassislar. Ularni asrash, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish va ogoh etish barchamizning burchimizdir.

Azizlar!

Giyohvandlikka qarshi kurash faqat davlat idoralari yoki ta’lim muassasalarining vazifasi emas. Bu har bir ota-ona, har bir ustoz, har bir fuqaroning umumiy mas’uliyati. Jamiyatimizda bu illatga nisbatan murosasiz munosabat shakllanishi, yoshlarni himoya qilish bo‘yicha birlashgan harakatlarimiz kelajakni asraydi.

Bugun tinch va sog‘lom jamiyat barpo etish yo‘lida birlashish va qat’iy pozitsiya namoyon etish har qachongidan ham muhimdir.

❗️Unutmang! Yangi O‘zbekistonning yorug‘ kelajagi barchamizning ogohlik, birlik va mas’uliyatli harakatimizga bog‘liq.

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori Muhiddin Egamberdiyevich Po‘latov