uz en ru
Назад: Turizm
Сотрудник Kafedra mudiri Turizm
Abduxamidov Sarvar Adxamovich
Kafedra mudiri

Abduxamidov Sarvar Adxamovich

Учёная степень
Fan nomzodi, PhD
Учёное звание
Professor
Форма работы
Asosiy ish joy
Место работы Turizm

Биография

Abduxamidov Sarvar Adxamovich - Iqtisodiyot fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD), professor, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti "Turizm" kafedrasi mudiri.

Ilmiy yo'nalishi

S.A.Abduxamidovning ilmiy-tadqiqot faoliyati turizm sohasini mintaqaviy rivojlantirishning tashkiliy-iqtisodiy va metodologik asoslarini takomillashtirishga qaratilgan. Uning tadqiqotlarida hududlarning mavjud turistik-rekreatsion salohiyatidan samarali foydalanish, turistik oqimlarning barqaror o'sishini ta'minlash, turizm sohasini boshqarish mexanizmlari samaradorligini oshirish, hududiy turistik rayonlashtirish, turistik infratuzilmani optimal rivojlantirish, turistik xizmatlar va yo'nalishlarni diversifikatsiya qilish masalalari ustuvor o'rin egallaydi.

Shuningdek, olimning ilmiy izlanishlari mahalliy aholini turizm jarayonlariga keng jalb qilish, mahalliy tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o'rinlarini yaratish, aholi daromadlarini diversifikatsiya qilish hamda turizmning hududlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ta'sirini kuchaytirishga yo'naltirilgan.

Eng muhim ilmiy yutuqlari

hududlarning turistik-rekreatsion salohiyatidan samarali foydalanish, joylarda turistik oqimning barqaror o'sishini ta'minlash hamda turizm sohasi boshqaruv mexanizmining samaradorligini kompleks baholashga qaratilgan hududiy turistik rayonlashtirish usuli taklif etilgan.

turistik-rekreatsion salohiyatdan samarali foydalanish va turistlarga xizmat ko'rsatishni tashkil etish natijalaridan kelib chiqib, "turistik xarajatlarning tasnifi" bo'yicha ilmiy takliflar ishlab chiqilgan.

hududlarning mavjud turistik salohiyatini to'liq ishga solish, infratuzilmadan samarali foydalanish hamda mahalliy va xalqaro turistlar uchun keng qamrovli turistik xizmatlar tizimini rivojlantirish maqsadida markaziy turistik mintaqani diversifikatsiya qilishga qaratilgan "Turizm halqasi konsepsiyasi" bo'yicha tashabbus ilgari surilgan.

mahalliy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi daromadlarini diversifikatsiya qilishga qaratilgan qo'shimcha manbalarni aniqlash hamda ushbu jarayonni boshqarish maqsadida "Turizmda jamoa ishtirokini rag'batlantirishning inklyuziv modeli" bo'yicha tashabbus ishlab chiqilgan.

Ilmiy ishlanmalarning amaliy natijalari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 4 ta hamda "AVTOR" elektron depozitariysining 1 ta guvohnomasi olingan. Shuningdek, "SamGastroTour - gastronomik turizmni rivojlantiruvchi va targ'ib qiluvchi platforma" bo'yicha tadqiqotlar olib borilmoqda.

Ilmiy yutuqlarining jamiyat uchun foydasi

Hududiy turistik rayonlashtirishga oid ilmiy yondashuvlar turistik resurslarni aniq baholash, hududlarning turizm sohasidagi ixtisoslashuvini belgilash, turistik oqimlarni samarali boshqarish va turizm infratuzilmasini maqsadli rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytiradi.

turizm halqasi kabi yangi turistik yo'nalishlarni shakllantirishga qaratilgan yondashuvlar turistlarni an'anaviy turistik markazlar bilan cheklab qo'ymasdan, boshqa hududlarga ham yo'naltirish, mavjud ziyorat, madaniy va boshqa turistik resurslarni yagona marshrut doirasida birlashtirish hamda turistik xizmatlarni diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi.

"Turizmda jamoa ishtirokini rag'batlantirishning inklyuziv modeli" esa mahalliy aholini turizm jarayonlariga kengroq jalb etish, turistik faoliyat sub'ektlarida aholi ishtirokini ta'minlash, yangi ish o'rinlarini yaratish, mahalliy tadbirkorlik faolligini oshirish va aholi daromadlarini diversifikatsiya qilish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Umuman, olimning tadqiqotlari natijalari turistik oqimlarni barqaror oshirish, turizm infratuzilmasini takomillashtirish, hududlarda yangi turistik mahsulot va yo'nalishlarni shakllantirish, mahalliy tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, aholi bandligini ta'minlash va daromad manbalarini ko'paytirishga ilmiy asos yaratishi bilan ahamiyatli.

Ilmiy natijalarining amaliyot bilan bog'liqligi

S.A.Abduxamidov tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qaror va farmonlari hamda sohaga tegishli boshqa me'yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishga yo'naltirilgan.

Xususan, uning tadqiqot natijalari O'zbekiston Respublikasi Turizm qo'mitasi tomonidan ishlab chiqilgan "2025-2030-yillarda hududlarning turizm salohiyatini izchil oshirish natijasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar" dasturi va "Yo'l xaritalari", shuningdek, 2024 va 2025 yillarga mo'ljallangan Samarqand viloyatida turizmni kompleks rivojlantirish bo'yicha yo'l xaritalarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish hamda turizm sohasini mintaqaviy rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Ilmiy faoliyatining asosiy ko'rsatkichlari

S.A.Abduxamidovning AQSh va MDH davlatlarida 200 ga yaqin ilmiy va uslubiy ishlari chop etilgan. Uning hammuallifligida 5 ta darslik, 9 ta o'quv qo'llanma va 5 ta monografiya yaratilgan, 100 ga yaqin ilmiy maqolalari nufuzli mahalliy va xorijiy jurnallarda nashr etilgan.

Davlat ilmiy-texnik loyihalari doirasida 1 ta fundamental va 6 ta amaliy loyihada tadqiqotchi, kichik va katta ilmiy xodim lavozimlarida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan.

Yosh tadqiqotchilarni tayyorlashdagi faoliyati

S.A.Abduxamidov turli yillar davomida 20 nafardan ortiq bakalavriat talabasining bitiruv malakaviy ishiga, 10 nafardan ortiq magistrantga rahbarlik qilgan. Shuningdek, 3 nafar iqtisodiyot fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlanayotgan tadqiqotchilarning ilmiy-tadqiqot ishlariga ilmiy rahbarlik qilmoqda.

Ilmiy ekspertiza sohasida 5 nafar tadqiqotchining dissertatsiyasini dastlabki ekspertizadan o'tkazish va xulosa berish bo'yicha kengaytirilgan ilmiy seminarda rasmiy taqrizchi, 10 dan ortiq dissertatsiyasi avtoreferatlariga taqrizchi bo'lgan va 3 nafar tadqiqotchiga rasmiy opponentlik qilgan.

Ta'lim va ilm-fan integratsiyasidagi hissasi

S.A.Abduxamidov turizm sohasi uchun professional kadrlar tayyorlashga qaratilgan ta'lim dasturlarini zamon talablariga moslashtirish bo'yicha faoliyat olib bormoqda.

Uning hammuallifligida 61010100 - Turizm va mehmondo'stlik bakalavriat ta'lim yo'nalishi hamda 71010101 - Turizm va mehmondo'stlik magistratura mutaxassisligining malaka talablari va o'quv rejalari TOP-100 talik reytingga kirgan nufuzli xorijiy oliy ta'lim muassasalarining hujjatlari asosida ishlab chiqilgan.

"Ilm-fan qahramonlari - yoshlarga namuna" loyihasi uchun asosiy g'oya

S.A.Abduxamidovning ilmiy faoliyati ilmiy tadqiqot natijalarini hududlarning real ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan bog'lashga qaratilgani bilan ahamiyatli. Uning mintaqaviy turizmni rivojlantirish, hududiy turistik rayonlashtirish, turistik xarajatlarni tasniflash, yangi turistik yo'nalishlarni shakllantirish va mahalliy aholini turizm jarayonlariga jalb etishga oid ilmiy yondashuvlari turizmni hududlarda yangi ish o'rinlari, tadbirkorlik imkoniyatlari va aholi uchun qo'shimcha daromad manbalarini yaratish vositasi sifatida rivojlantirishga xizmat qiladi.