Moylanmagan “domkrat” sabab halokatga uchragan samolyot



2000-yil 31-yanvar kuni Alaska Airlines kompaniyasiga tegishli bo‘lgan reaktiv samolyot ichida 88 nafar yo‘lovchisi va ekipaji bilan halokatga uchrab, suvga qulab tushgandi. Beparvolik va mas’uliyatsizlik dahshatli falokatga olib kelgandi. Mexaniklardan biri ta’mirlash ishlari yetarlicha sifatli amalga oshirilmasligini aytganida, u ishdan bo‘shatib yuborilgan. Tergov davomida o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan yondoshganlar aniqlangan.
Puerto-Valyarta — Tinch okeani qirg‘og‘idagi mashhur kurort. 261-reysning aksariyat yo‘lovchilari dam olishdan qaytayotgan edi. Samolyot shturvalida tajribali uchuvchilar o‘tirgan: kapitan — Ted Tompson va ikkinchi uchuvchi — Uilyam Tanski. Ular MD-83 da minglab soat parvoz qilgan va bu mashinani yaxshi bilardi. MD-83 samolyoti juda ishonchli va boshqarishga oson bo‘lgan.
2000-yil 31-yanvar kuni 261-bort parvozga tayyorlangan, uchuvchilar samolyotning dum qismida halokatli xavf borligini taxmin ham qilmasdi. Kema havoga ko‘tarilgach, kapitan va ikkinchi uchuvchi mashinada qandaydir nosozlik borligini payqab qolgan. Samolyot dum qismida joylashgan gorizontal barqarorlashtirgich qotib qolgan.
MD-83 samolyotida barqarorlashtirgich, eni 12 metr keladigan gorizontal yassilik ko‘rinishida bo‘lgan. O‘sha dum qismida, shuningdek, ikkita balandlik ruli joylashgan. Stabilizator va rullar yordamida parvoz buchagi boshqarilgan. Barqarorlashtirgich qotib qolganida uchuvchilar buni elektrodvigatel bilan bog‘liq deb o‘ylagan.
Ekipaj barqarorlashtirgichning ishlamayotganiga “domkrat” sabab deya hisoblagan. Uni harakatga keltirish uchun uchuvchilar birdaniga ikkita o‘chirib-yoqqichdan foydalangan, ulardan biri shturvalda, ikkinchisi boshqaruv pultida joylashgandi. Barqarorlashtirgich yordamisiz samolyotni to‘g‘ri holatga keltirib bo‘lmasdi, u yerga og‘ishni davom etgan. 8,5 ming metr balandlikda uchuvchilar avtopilotni o‘chirgan va samolyotni qo‘lda boshqarishga o‘tgan. Ular bor kuchi bilan shturvalni o‘ziga tortgan, 7 daqiqadan keyin ular 10 ming metr balandlikka ko‘tarilgan. Parvoz davomida ular o‘z aviakompaniyasining ta’mirlash xizmati bilan bog‘langan. Afsuski, ta’mirlash xizmati biror yordam ko‘rsata olmagan.
Butun parvoz davomida ekipaj samolyotni qo‘lda boshqargan, avialayner muntazam tumshuq qismi bilan pastga og‘ib ketardi. Uchuvchilar yana bir bor barqarorlashtirgichni ishga tushirishga urinib ko‘radi. Buning uchun ular birdaniga ikkita elektrodvigatelni harakatga keltirgan. Ammo keyingi onda shovqin ovozini eshitadi va samolyot kutilmaganda tikka yerga qarab qulay boshlaydi. Uchuvchilar qariyb bir daqiqa davomida shturvalni tortib, samolyotni to‘g‘ri holatga keltirmoqchi bo‘ladi va buni uddlaydi.
Samolyot Los-Anjeles tomon uchib, u yerda avariyaviy qo‘nishni amalga oshirmoqchi bo‘ladi. Vaziyat sal o‘ziga kelgach, uchuvchilar nosozlik sababini aniqlash uchun dispetcherdan o‘zlariga samolyot osti va ustida qo‘shimcha makon ajratilishini so‘raydi.
Uchuvchilar vahimaga tushib qolgan yo‘lovchilarni tinchlantirishga urinib, yaqin 20-30 daqiqa ichida Los-Anjelesga qo‘nishlarini bildiradi. Afsuski, bu amalga oshmaydi. Samolyot bortida boshlangan inqiroz fojiaviy halokat bilan yakunlanadi.
261-bort Los-Anjelesga qo‘nishga tayyorlangan vaqtida uning dum qismida yana nosozlik kuzatiladi va samolyot pastga qarab sho‘ng‘iy boshlaydi. Oradan 60 soniya o‘tgach, havo kemasi soatiga 400 kilometr tezlikda Tinch okeaniga qulagan.
Tez orada hodisa joyiga qutqaruv vertolyotlari yetib keladi, biroq hech kim omon qolmagandi. Ekipaj va 88 nafar yo‘lovchining barchasi halok bo‘lgan, fojia bo‘yicha tergov harakatlari zudlik bilan boshlangan, ammo havo kemasining qoldiqlari 200 metr chuqurlikda yotardi. “Qora qutilar” topilgach, Transportda xavfsizlik bo‘yicha milliy qo‘mita (NTSB) uchuvchilarning muloqoti yozuvlarini o‘rganishni boshlaydi.
O‘rganishlar davomida tergovchilar “domkrat” deyarli moylanmaganini aniqlagan. Ushbu faktdan xavotirga tushgan ekspertlar darhol AQSH fuqarolik aviatsiya boshqarmasiga xabar bergan. Ular esa o‘z navbatida barcha MD-83 samolyotlarini tekshirib chiqishni buyurgan. Natijada Alaska Airlines kompaniyasining 34 ta samolyotidan 6 tasi halokatga uchragan layner holatida bo‘lgani aniqlangan. Shunday qilib, oddiy mexanizmning moylanmagani barcha yo‘lovchilar o‘limiga sabab bo‘lgandi.
1998-yil oktabrda aviakompaniya mexaniklaridan biri AQSH fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasiga Alaska Airlines ustidan shikoyat bilan murojaat qiladi. U samolyotlarni ta’mirlash bilan bog‘liq barcha holatni batafsil aytib bergandi. Aviahalokatdan bir yil oldin davlat xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Ular kompaniyaning samolyotlari ta’mirlanishiga oid hujjatlarni olib ketgan, biroq jiddiy chora ko‘rilmagan edi.
