Samarqand iqtisodiyot va servis institutida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi
Samarqand iqtisodiyot va servis institutida 1-oktabr - O'qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan professor-o'qituvchilar hamda xodimlar ishtirokida tantanali bayram dasturi bo'lib o'tdi.
Tadbirni institut rektori Po'latov Muhiddin Egamberdiyevich ochib berib, barcha fidoyi va jonkuyar ustozlarni kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. O'z tabrigida ustoz va murabbiylarning yosh avlod ta'lim-tarbiyasidagi o'rni, jamiyat taraqqiyotidagi mas'uliyati va mashaqqatli mehnatini alohida e'tirof etib, ularga ezgu tilaklarini bildirdi.
Tadbir davomida ta'lim sohasidagi samarali mehnati va fidoyiligi bilan faoliyat yuritayotgan 4 nafar professor-o'qituvchi va xodimga "Oliy ta'lim a'lochisi" ko'krak nishoni, 12 nafar professor-o'qituvchi va xodimga esa institut rektorining tashakkurnomasi tantanali ravishda topshirildi.
Bayram dasturi davomida estradamiz xonandasi Ravshan Komilov o'zining dilrabo kuy-qo'shiqlari bilan ishtirokchilarga ko'tarinki kayfiyat ulashdi.
Tantanali tadbir ustoz va murabbiylarning sharafli mehnatini e'zozlash, ularning kasbiy faoliyatiga bo'lgan hurmat va e'tiborni namoyon etgan bayramona ruhda o'tdi.
Oʼzbekcha
English
русский