SamISI Samarqand iqtisodiyot va servis instituti

 “Kechki ta’lim” fakulteti tarkibida fakultetlararo kafedra

 “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi o‘z tarixini 1931-yillardan boshlagan bo‘lib, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti bilan deyarli bir davrda shakllangan. Kafedra faoliyati institutning tashkil topishi, rivojlanishi va o‘zgarish bosqichlari bilan chambarchas bog‘liqdir.

Kafedra o‘z faoliyati davomida institutning ilmiy, ma’naviy va mafkuraviy hayotida muhim o‘rin egallab kelmoqda.

 “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi jamoasi Samarqand viloyatining tuman va shahar mahallalarida ma’naviy-ma’rifiy hamda targ‘ibot-tashviqot yo‘nalishidagi turli tadbirlarni muntazam qatnashib kelmoqda. Ushbu tadbirlar keng jamoatchilik vakillarini ijtimoiy faolligini oshirish, milliy qadriyatlar va ma’naviy merosni keng targ‘ib etishga qaratilgan.

Kafedra professor-o‘qituvchilari malakasini oshirish va qayta tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, bugungi kunda ularning barchasi malaka oshirish kurslarida muntazam qatnashib, o‘z kasbiy salohiyatini oshirib bormoqdalar.

Kafedra biq qator xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy, o‘quv va uslubiy yo‘nalishlarda faol hamkorlik olib bormoqda. Hamkorlik doirasida tajriba almashish, o‘zaro ochiq darslar tashkil etish, ilg‘or pedagogik tajribalarni tatbiq etish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, kafedra institut qoshidagi akademik litsey va hamkor kasb-hunar maktablar va kollejlar bilan ham yaqin hamkorlik o‘rnatgan. Kafedra a’zolari tomonidan tayyorlangan uslubiy qo‘llanmalar nashr etilib, o‘quv jarayonida samarali qo‘llanilmoqda.

Hozirgi kunda kafedrada asosiy shtatda13 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ulardan 1 nafar – falsafa afnalari doktori, professor, 1 nafar falsafa fanlari nomzodi, dotsent, 1 nafar yuridik fanlari nomzodi,  2 nafar falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent, 3 nafar bo‘yicha falsafa fanlari bo‘yicha doktori (PhD),   2 nafar – katta o‘qituvchi, 3 nafari o‘qituvchi lavozimida ishlamoqdalar.  Kafedra professor-o’qituvchilari tomonidan 10dan ortiq o’quv va o’quv-uslubiy qo’llanmalar, 10ga yaqin monografiyalar, 800dan ortiq maqola va tezislar chop etildi.

“Ijtimoiy fanlar” kafedrasi o‘z faoliyatini 1931-yilda “Dialektik va tarixiy materializm” nomi bilan boshlagan. Dastlab u institut tarkibidagi falsafiy va mafkuraviy fanlarni o‘qitish markazi sifatida shakllangan. Kafedraning nomlanishi, tuzilmasi va faoliyat yo‘nalishlari o‘tgan davrlar mobaynida jamiyat hayotidagi siyosiy, mafkuraviy va ta’lim tizimidagi o‘zgarishlarga muvofiq holda bir necha bor yangilanib, qayta tashkil etilib kelgan. Turli yillarda kafedra boshqa bo‘lim va kafedralar bilan qo‘shilib, ayrilib, turli nomlar ostida faoliyat yuritgan. Jumladan, u ba’zi davrlarda “Falsafa va ilmiy kommunizm”, “Marksizm-leninizm”, “KPSS tarixi”,  “Ijtimoiy-gumanitar fanlar”, “O‘zbekiston tarixi” kabi nomlar bilan tanilgan. Bu jarayonlar institut tuzilmasidagi optimallashtirish ishlari, fanlararo integratsiya jarayonlari hamda ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlarning kengayib borishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan. Kafedra dastavval 1931-yilda professor N.M.Miroshxonov, 1933-yildan professor V.K. Karakalov, 1935-yildan dotsent A. Valiyev va 1936-yildan dotsent V.I.Shaxmatkinlar boshqardilar. Shu davrlarda kafedrada dotsentlardan A.Musaqov, M.A. Minayeva, I.M. Klyuchko, assistent K.I. Langin (u keyinchalik iqtisod fanlari doktori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi va vitse prezidenti bo‘lib ishlagan), N.V. Kosenko, I.I. Bagamonov, A. Umarovlar faoliyat ko‘rsatdilar. 1939-yildan  “Marksizm-leninizm”  kafedrasi  tashkil etilib, bu kafedrada professor I.I.Shturn, dotsent X.A.Yerzin, N.I.Agalseva, S.Ye.Podolskiy va I.F. Yegorovlar ishlar edilar. 1939-yildan 1950-yilgacha kafedrani  dotsent V.I. Shaxmaynin,  dotsent M.A.Abulqasimov, dotsent R.X. Po‘latov (1952-1961 y.) lar boshqardilar. 1964-yilda “Marksizm-leninizm” kafedrasi bazasida ikkita kafedra tashkil qilindi:  “Falsafa va  ilmiy kommunizm” (kafedra mudiri - dotsent Karimov R.K.), “KPSS tarixi” ( kafedra mudiri - dotsent T.S. Abdusattorov). Shu davrlarda  “Falsafa va ilmiy kommunizm”  kafedrasida B.D. Davronov, Sh.Sharopov, A.N. Vafoyev, U.X. Hakimova, N.Z. Zayniyev kabi ilmiy darajaga ega bo‘lgan dotsentlar faoliyat ko‘rsatdilar. Bu davrda “Falsafa va ilmiy kommunizm”  kafedrasida 7  nafar dotsentlar : Q.Z.Zuxurov, R.K. Karimov, S.X. Suyunov, N.A. Mo‘minov, O.M.Atayeva, O.S. Usov, A.A. Suvonqulov va dotsent  B.D. Bayer,  katta o‘qituvchilardan Ye.G. Naumova, o‘qituvchilardan M.I.Ibragimov, S.I.Mo‘minovalar faoliyat ko‘rsatdilar. Kabinet mudiri lavozimida G.T.Jumayeva, katta laborant O.Z. Yevstigniyeva, laborant Sattorovalar ishlar edilar.  “KPSS tarixi” kafedrasida dotsent M.S.Avliyaqulov, dotsent P.S.Saidov, N.I.dotsent Agalseva, dotsent U.A.Aliyev, dotsent To‘xtamishev O‘., katta o‘qituvchilar T.J.Jumayev, M.A.Pak, va kabinet mudiri S.Raximova va laborant S.To‘xtayevlar faoliyat ko‘rsatdilar. Birlashgan kafedralar negizida  “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasini 1982-yildan dotsent To‘xliyev B.S., so‘ngra professor Amonov K.A., dotsent Atayeva A.M. va boshqalar boshqargan. 1989-1990 o‘quv yilidan “KPSS tarixi” kafedrasi  “O‘zbekiston tarixi” deb o‘zgartirildi. 1991-1992 o‘quv yilida “Falsafa”  kafedrasi bilan “O‘zbekiston tarixi”  kafedrasi birlashdi. Kafedra mudiri lavozimiga professor M.S.Avliyaqulov tayinlandi. 1992–1997 o‘quv yillari “Falsafa va O‘zbekiston tarixi” kafedrasi faoliyatida yangi bosqich bo‘lib, bu davrda o‘quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot ishlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Kafedra professor-o‘qituvchilari — S.X. Suyunov, O‘.To‘xtamishev, O.M.Ataeva, N.A. Mo‘minov, K.D. Xaydarov, S.N. Nazarov va boshqalar — mazkur jarayonlarda faol ishtirok etib, o‘quv dasturlarini zamon talablari asosida yangilash, darslik va o‘quv qo‘llanmalar tayyorlash, ilmiy maqolalar va risolalar chop etishda muhim hissa qo‘shdilar. Mazkur yillarda kafedra tashabbusi bilan bir qator o‘quv-uslubiy hamda ilmiy-tadqiqot ishlari nashr etildi, professor-o‘qituvchilar Amir Temur tavalludining 660 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ilmiy konferensiya va boshqa respublika miqyosidagi ilmiy anjumanlarda faol qatnashdilar. Bu davrda kafedra nafaqat ta’lim jarayonida, balki mamlakatning ma’naviy hayotida ham o‘zining ilmiy-ma’rifiy salohiyati bilan ajralib turgan. 1994–1995 o‘quv yillarida “Falsafa va O‘zbekiston tarixi” kafedrasida jami 15 nafar professor-o‘qituvchilari faoliyat olib borgan. Shulardan 1 nafar professor, 8 nafar dotsent, 1 nafar katta o‘qituvchi va 5 nafar o‘qituvchi kafedra tarkibida ta’lim va ilmiy ishlarni amalga oshirgan. Mazkur yillarda kafedraning o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot hamda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlardagi faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 1992-yil 31-avgustda qabul qilingan “Ijtimoiy fanlarni o‘qitishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashga qaratilgan edi. 1995–1996 o‘quv yilida kafedra a’zolari respublika miqyosida o‘tkazilgan 35 dan ortiq ilmiy konferensiyada ma’ruzalar bilan ishtirok etishdi va ularning ilmiy maqolalari konferensiya to‘plamlarida chop etildi. Shu bilan birga, dars jarayonlarini takomillashtirish, o‘zaro darslarga kirish tajribasini rivojlantirish, o‘quv mashg‘ulotlarining sifatini oshirish yo‘nalishida ham sezilarli natijalarga erishildi. Kafedra professor-o‘qituvchilari B.To‘xliyev, S.H. Suyunov, K.D. Xaydarov, S.N. Nazarov, N.X. Xusanov, O.M. Ataeva, L.A. Matlyubov, N.A. Mo‘minov va O‘. To‘xtamishev tomonidan turli mavzularda o‘quv-uslubiy ko‘rgazmali materiallar tayyorlanib, o‘quv jarayonida samarali qo‘llanilgan. Ushbu yillarda kafedra nafaqat o‘quv jarayonining metodik asoslarini mustahkamlash, balki talabalarda tarixiy tafakkur, falsafiy dunyoqarash va fuqarolik ongini rivojlantirish yo‘lida ham muhim faoliyat olib borgan. 1996–1997 o‘quv yilidan boshlab kafedra faoliyatida yangi bosqich boshlandi. Shu yildan e’tiboran o‘quv jarayoniga “Ma’naviyat va ma’rifat asoslari” fani kiritilib, u 2-semestrdan boshlab muntazam o‘qitila boshlandi. Natijada kafedrada o‘qitiladigan fanlar soni 10 taga yetdi. Ushbu fanlar bo’yicha o‘quv-uslubiy ishlarni takomillashtirish, yangi fanlar bo‘yicha metodik qo‘llanmalar yaratish hamda ta’lim jarayonini zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etishda muhim rol o‘ynadilar. 2000–2009-yillar davrida kafedra a’zolari o‘z ilmiy va o‘quv-uslubiy faoliyatlarini yanada takomillashtirdilar. Ayniqsa, bu davrda o‘quv-uslubiy majmualar, darslik va qo‘llanmalar yaratish yo‘nalishida sezilarli natijalarga erishildi. Kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan mazkur yillar davomida 25 ta o‘quv-uslubiy majmua va qo‘llanmalar nashr etildi. Shuningdek, shu yillarda kafedra a’zolari tomonidan 350 dan ortiq ilmiy maqola turli ilmiy jurnallar va to‘plamlarda chop etildi. Ular o‘z ilmiy izlanishlarida dolzarb ijtimoiy-falsafiy, ma’naviy-ma’rifiy, siyosiy va tarixiy muammolarga bag‘ishlangan tadqiqotlar olib bordilar. Kafedra jamoasi 2000–2009-yillar mobaynida nafaqat ta’lim va ilmiy sohada, balki jamiyat hayotining ma’naviy-ma’rifiy sohasida ham faol ishtirok etdi. Xususan, shu davrda Samarqand shahri va viloyat tumanlarida Prezident asarlari, Oliy Majlis qarorlari, mamlakatimizning ichki va tashqi siyosatiga doir mavzularda 950 dan ortiq ma’ruzalar, suhbatlar va davra suhbatlari o‘tkazildi. 2010-yil noyabr oyidan 2012-yil sentyabriga qadar “Falsafa va O‘zbekiston tarixi” kafedrasiga dotsent M. Bo‘riyev rahbarlik qildi. Ushbu davrda kafedra faoliyati 12 ta fan bo’yicha dars mashg’ulotlarini mazmunan yangilanish, ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish bosqichi bilan xarakterlanadi. 2012-yil mart oyidan 2018-yil mart oyigacha kafedraga falsafa fanlari doktori, professor S.K. Karimov rahbarlik qildi. 2015-yil aprel oyidan boshlab kafedra “Ijtimoiy fanlar”nomi bilan faoliyat yurita boshladi. U kishining rahbarlik qilgan 2012–2018-yillar davomida kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan 2 ta monografiya, 1 ta risola, 3 ta ilmiy to‘plam, 11 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma hamda 7 ta metodik qo‘llanma nashr etilgan. Shu bilan birga, kafedra a’zolarining ilmiy faoliyati ham sezilarli darajada kengaygan. Xususan, ular tomonidan xalqaro ilmiy anjumanlarda 21 ta, respublika miqyosidagi konferensiyalarda 171 ta, institut miqyosidagi ilmiy to‘plamlarda esa 20 ta maqola chop etilgan. Bundan tashqari, 38 ta ilmiy maqola, 30 ta publitsistik maqola va 28 ta ilmiy jurnal maqolalari e’lon qilingan. 2018-yil mart oyidan buyon “Ijtimoiy fanlar” kafedrasiga falsafa fanlari nomzodi, dotsent A.A. Azizqulov rahbarlik qilib kelmoqda. Uning rahbarligi davrida kafedraning ilmiy salohiyati sezilarli darajada oshdi. Jumladan, 5 nafar yosh tadqiqotchi falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini himoya qildi. 3 nafar kishi dotsent unvonini oldi. Kafedra jamoasi o‘quv-uslubiy, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy faoliyatni takomillashtirish borasida yirik natijalarga erishib, “Ijtimoiy fanlar” kafedrasining ilmiy-nazariy maktab sifatida shakllanishiga mustahkam zamin yaratdi. 

Kafedrada faoliyat olib borgan yetakchi olimlar, davlat arboblari, faollar, faxriylar va boshqalar:  professor I.I.Shturn, dotsent X.A.Yerzin, N.I.Agalseva, S.Ye.Podolskiy, I.F. Yegorovlar,  R.K. Karimov, S.X.Suyunov, N.A. Mo‘minov, O.M.Atayeva, O.S.Usov, A.A.Suvonqulov,  dotsent B.D. Bayer, O‘.To‘xtamishev, K.D.Xaydarov, S.N. Nazarov, B.To‘xliyev, X.Xusanov, A.A. Matlyubov, Sh.S.Kushakov, S.K.Karimov.